Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Yunusobod Q.F.Y.,  Darxon qo`rg`oni| info@urmon-institut.uz | +998 71 225 72 32
Bosh sahifa / Loyiha

Loyiha


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI


O‘rmon to‘g‘risida
(yangi tahriri)


Qonunchilik palatasi tomonidan _______________ qabul qilingan


1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi 
Ushbu Qonunning maqsadi o‘rmonlarni muhofaza qilish, qo‘riqlash, takroriy ko‘paytirish, qayta tiklash, mahsuldorligini oshirish hamda undan oqilona va tejamli foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. O‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
O‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Er, suv, er osti boyliklari va hayvonot dunyosidan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bilan bog‘liq o‘rmonlardan foydalanish sohasidagi munosabatlar tegishli qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rmonga oid munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining o‘rmon to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. O‘rmonning vazifalari
O‘rmon asosan ekologik (tuproqni, suvni o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini hamda boshqa tabiiy resurslarini muhofaza qilish, qo‘riqlash, sanitariya-gigiena, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya) hamda iqtisodiy, ijtimoiy vazifalarni bajaradi. O‘rmondan cheklangan darajada foydalaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
o‘rmon – o‘simlik va hayvonot dunyosining turli xil majmuasidan iborat geografik makonning hamda umummilliy boylikning bir qismi;
o‘rmonni muhofaza qilish – davlat o‘rmon fondi erlarida tuproq, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini hamda boshqa tabiiy resurslarni tashqi salbiy ta’sirlardan himoya qilishga qaratilgan faoliyat tizimi;
o‘rmondan qo‘shimcha tarzda foydalanish – o‘rmon fondining ruxsat etiladigan hududlarida chorva mollarini o‘tlatish, pichan yig‘ish, asalari uyalarini joylashtirish, o‘simlik va hayvonot dunyosidan foydalanish, ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma’rifiy, tarbiyaviy, sog‘lomlashtirish-rekreatsiya, sanitariya-gigiena, estetik, ovchilik-baliqchilik maqsadlarda foydalanish tizimi;
o‘rmonni qayta tiklash – qonun hujjatlariga asosan kesilgan yoki qonunga xilof ravishda kesilgan, shikast etkazilgan dov-daraxtlar, shuningdek tabiiy ofatlar natijasida yo‘q bo‘lgan daraxtzor va butazorlar o‘rnida iqlim sharoitiga mos turdagi daraxt ko‘chatlarini ekish;
o‘rmonni takroriy ko‘paytirish– davlat o‘rmon fondi erlarida yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklar turlarining tabiiy muhitda o‘sishi uchun qulay sharoitlar yaratish va plantatsiya usulida o‘rmon daraxtlari urug‘ va ko‘chatlarini ekish;
o‘rmondan foydalanuvchilar – o‘rmondan foydalanuvchi yuridik 
va jismoniy shaxslar;
o‘rmondan doimiy foydalanuvchilar – davlat o‘rmon fondi erlari doimiy egalik qilishga berib qo‘yilgan davlat qo‘riqxonalari, milliy bog‘lar, biorezervatlar, davlat o‘rmon xo‘jaliklari, o‘rmon-ov xo‘jaliklari, ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari va tashkilotlari;
o‘rmondan vaqtinchalik foydalanuvchilar – davlat o‘rmon fondi uchastkalaridan qisqa muddatli – uch yilgacha va uzoq muddatli – o‘n yilgacha foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
5-modda. O‘rmonga nisbatan mulkchilik
O‘rmonlar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur 
va ular davlat muhofazasidadir.
6-modda. Davlat o‘rmon fondi
Barcha o‘rmonlar davlat o‘rmon fondini tashkil etadi.
Davlat o‘rmon fondi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan, ya’ni davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari tasarrufidagi o‘rmonlardan hamda boshqa yuridik 
va jismoniy shaxslar foydalanishidagi o‘rmonlardan iborat.

2017-08-26 Tashriflar soni: 1995
back